MWC 2016da Xiaomi Mi 5 smartfoni omma e’tiboriga taqdim etildi

mi 5

Bugun Barselona shahrida o’tkazilayotgan MWC 2016 ko’rgazmasi doirasida Xiaomi kompaniyasi vise-presidenti Hugo Barra uzoq kutilgan Xiaomi Mi 5 smartfoni detallari haqida o’rtoqlashib o’tdi. Kutilganidek, qurilma birkristalli Qualcomm SoC Snapdragon 820 asosida qurilgan. Uning CPU va GPUlari mos ravishda Snapdragon 810ga nisbatan 100% va 40%ga tezkorroq hisoblanadi. Operativ va flesh xotiraning maksimal hajmi mos ravishda 4 GB va 128 GBni tashkil etadi. Hugo Barraning ta’kidlashicha, Xiaomi Mi 5 Antutu benchmarkida 142 084 ball to’plashga muvaffaq bo’lgan. Antutuda mutlaq rekordni urgan smartfon Vivo XPlay 5 hisoblanadi, u 160000 ball to’plashga ulgurgan. Hamda Vivoning savdoga chiqarilish sanasi 1 mart qilib belgilangan.

Xiaomi Mi 5 smartfoni 4G+ tarmoq texnologiyasini qo’llay oladi va nazariy jihatdan ma’lumotni 600 Mbit/s tezlikda uzatish qobiliyatiga ega. 1080p o’lchamdagi oddiy kinofilmni yuklab olish uchun atigi 30 soniya kerak bo’ladi, bu albatta, laboratoriya sharoitida tekshirilgan fakt hisoblanadi. Apparatning orqa paneli metaldan ishlangan bo’lib, qirralari biroz bukilgan, hamda keramik qoplama bilan himoyalangan. Displey ostida uy tugmachasi joylashgan. Smartfonning pastki qismida USB-C va ikki dinamik joy olgan. Ekran o’lchami 5,15 dyuymni tashkil etadi, piksellarda esa 1920ga 1080ni tashkil etadi. Akkumulyator batareyasining sig’imi 3000mAsga teng. Qurilmani 80% atrofida zaryadlash uchun atigi 1 soat vaqt yetarli bo’ladi. Xiaomi Mi 5 16 MP o’lchamdagi Sony IMX298 datchiklari bilan jihozlangan.

Smartfon sotuvga uch hil rangda chiqariladi: oq, qora va tilla rang. Xiaomi Mi 5 smartfoni Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimi bilan foydalanuvchilarga taqdim etiladi. Xiaomining 3 GB operativ xotira, 32 va 64 GB flesh xotira bilan ta’minlangan modellari mos ravishda $305 va $350da sotiladi. Xiaomi Mi 5 Pro modeli esa 4 GB operativ xotira va 128 GB flesh xotira bilan jihozlanadi. Xiaomi bu modellarni joriy yilning 1 mart sanasida Xitoyda savdoga chiqaradi, undan so’ng esa jahon bozorida sotila boshlanadi. Bu haqda Xiaomi o’z sahifalarida ma’lumot bergan.

Fikr bildirish

Sizning e-mail tarqatib yuborilmaydi. Kiritilishi shart bo'lgan ma'lumotlar *